Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan Umummilliy Konstitutsiya imtihoni oʻtkaziladi. 

 Imtihonda 16 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

 Tanlovda ishtirok etish uchun 8-dekabr.adliya.uz saytida roʻyxatdan oʻtiladi (17-noyabrdan 22-noyabr 23:59 gacha).

Tanlov quyidagi 2 bosqichda  tashkil etiladi:

1-bosqich – test sinovlari:

 25-noyabr soat 10:00 dan 14:00 gacha;

2-bosqich – suhbat.

 Test sinovida 8-dekabr.adliya.uz sayti orqali onlayn tarzda ishtirok etiladi.

 

Test sinovi yangi Konstitutsiya asosida tuzilgan 20 ta test savoli va 1 ta ijodiy savoldan iborat. Test savollariga eng qisqa muddatda toʻgʻri javob bergan ishtirokchilar orasidan 20 nafari tanlab olinib, ularning ijodiy savolga javoblari koʻrib chiqiladi.

Baholash natijasiga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan 10 nafar ishtirokchi keyingi bosqichga oʻtadi.

Ikkinchi bosqich (suhbat) 8-dekabr – Konstitutsiya bayrami arafasida tashkil etiladi.

Suhbat jarayonlari onlayn translyatsiya qilinadi.

Gʻoliblar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Tanlovda faqat bitta akkauntdan ishtirok etishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, oliy yuridik maʼlumotli shaxslarning, yuridik texnikum va yuridik mutaxassislikka ixtisoslashgan boshqa taʼlim muassasalarida tahsil oluvchilarning,  yurisprudensiya yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarning hamda adliya organlari va muassasalari xodimlarining test natijalari inobatga olinmaydi va ushbu toifadagi shaxslar ikkinchi bosqichda ishtirok etmaydi.

Ishtirokchi keyingi bosqichga oʻtish vaqtida turli akkauntlardan qatnashgan holatlar aniqlangan taqdirda, natijasidan qatʼi nazar, imtihondan chetlashtiriladi.